22.04.2025

Toshkent shahridagi 110-maktabda Octobank tomonidan moliyaviy savodxonlik asoslari bo‘yicha ma’ruza o‘tkazildi

Octobank poytaxtning Mirobod tumanidagi 110-maktabga tashrif buyurib, moliyaviy savodxonlik bo‘yicha ma’ruza qildi. Loyiha O‘zbekiston Markaziy banki bilan hamkorlikda "Global Money Week" butunjahon ta’lim kampaniyasi doirasida amalga oshirilmoqda va Toshkent shahridagi bir qator maktablarni qamrab oladi.

Octobank xodimi Navruz Musayev maktab o‘quvchilariga pulni oqilona boshqarish, byudjetni rejalashtirish nima uchun muhimligini va moliyaviy bilimlar hayotda qanday yordam berishini batafsil tushuntirib berdi. Murakkab iqtisodiy tushunchalar interaktiv faoliyatlar hamda savol-javob shaklida keltirilgan hayotiy misollar orqali o‘quvchilarga tushunarli bo‘ldi.

Muloqot davomida ko‘pchilik maktab o‘quvchilari o‘z mehnati evaziga pul topayotgani, hatto ayrim o‘smirlarda plastik kartalar ham mavjudligi aniqlandi. Shu bois, ayni bosqichda moliyaviy bilimlar ularga pulga nisbatan mas’uliyatli munosabatni shakllantirishda yordam beradi. 

Ma’ruzada alohida e’tibor raqamli xavfsizlikka qaratildi: firibgarlar qurboniga aylanmaslik yo‘llari va bank kartasida shubhali harakatlar sodir bo‘lgan taqdirda nima qilish kerakligi haqida so‘z bordi.

«Jamg‘armalar, kreditlar, xarajatlar va daromadlar kabi narsalarni tushunish — bu yoshlarga kelajakda moliyaviy xatolardan saqlanish va hozirdanoq o‘z resurslarini to‘g‘ri boshqarish imkonini beradigan poydevordir», — deb ta’kidladi Octobank xodimi Navruz Musayev. 

Octobank, O‘zbekiston Markaziy banki bilan hamkorlikda yoshlarda pullarni mas’uliyatli boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslarni tizimli ravishda hayotga tatbiq etib, poytaxtdagi boshqa o‘quv muassasalarida ham moliyaviy savodxonlik loyihasini amalga oshirishni davom ettiradi.


Поделитесь