«Octobank» AJ axloqiy tamoyillari va xulq-atvor kodeksi
Octobank axloqiy tamoyillari va xulq-atvor kodeksi.
Octobankning xalqaro bozorga chiqish va global moliyaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash maqsadiga erishish uchun nafaqat innovatsion yechimlarni taqdim etish, balki korporativ axloq va shaffoflikning xalqaro standartlariga qat’iy moyillikni namoyish etish ham muhim ahamiyatga ega.
Xulq-atvor kodeksi quyidagi maqsadlarga etish uchun muhim vosita boʻladi:
a) mijozlar va xalqaro hamkorlarning ishonchini saqlab qolish;
b) nufuzli va huquqiy tavakkalchiliklarni minimallashtirish;
c) xalqaro maydonda mas’uliyatli oʻyinchi sifatida bank mavqeini mustahkamlash.
Ushbu hujjat nafaqat korporativ madaniyatning asosini shakllantiribgina qolmasdan, balki Octobankning ilgʻor jahon amaliyotiga muvofiq ishlashga tayyorligini tasdiqlaydi, bu esa yangi hamkorlarni jalb qilish va jahon bozorida oʻz ishtirokini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.
I. Kirish
Ushbu hujjat nima uchun muhim?
Octobank oddiy moliyaviy institutga nisbatan kattaroq tuzilmadir. Biz innovatsiyalar, professionallik va mas’uliyat mijozlarimiz, hamkorlarimiz va jamiyatimiz bilan ishonchni mustahkamlaydigan ekotizimni yaratamiz. Ushbu Kodeks nafaqat qoidalar toʻplamidir. Bu har bir xodimga bankning, mijozlarning va jamiyatning manfaatlari yoʻlida harakat qilishga, ongli qarorlar qabul qilishga va eng yaxshisiga intiluvchi jamoaning bir qismi boʻlishga yordam beradigan qoʻllanmadir.
Octobank xodimlari uchun Kodeks quyidagilarga yordam beradigan kompas vazifasini oʻtaydi:
a) murakkab vaziyatlarda toʻgʻri yoʻlni topish;
b) axloqiy standartlarga mos keladigan qarorlar qabul qilish;
c) bankning qadriyatlari va obroʻyini saqlagan holda samarali ishlash.
Ushbu hujjat Octobankdagi professional hayotingizning asosiy jihatlarini qamrab oladi va har birimiz kompaniya muvaffaqiyatiga qanday hissa qoʻshishimiz mumkinligini tushuntiradi.
II. Missiya, qadriyatlar va tamoyillar
Kompaniyaning missiyasi.
Biz mijozlar va hamkorlarga oʻz maqsadlariga erishishda yordam beradigan innovatsion moliyaviy yechimlarni taqdim etamiz. Missiyamiz – barqaror iqtisodiy oʻsish uchun servisning yuqori darajasini va qoʻllab-quvvatlashni ta’minlagan holda global moliyaviy xabga aylanishdir».
Octobank missiyasi ikkita asosiy maqsadni mujassamlashtiradi: mijozlar va hamkorlarga qulay, yuqori texnologiyali moliyaviy yechimlarni taqdim etish hamda mintaqaviy va global iqtisodiyotning rivojlanishiga strategik hissa qoʻshish.
a) Innovatsion moliyaviy yechimlar: Biz fintex mahsulotlarni, kriptovalyuta yechimlarini va murakkab jarayonlarni soddalashtiradigan xizmatlarni ishlab chiqishga kuch va e’tiborimizni jamlaymiz.
b) Mijozlar va hamkorlarni qoʻllab-quvvatlash: Biz mijozlarimiz va hamkorlarimizga uzoq muddatli muvaffaqiyat uchun platforma yaratish orqali muvaffaqiyatga erishishda yordam beramiz.
c) Global Xab: Maqsadimiz – bozorlar va hududlarni transchegaraviy moliyaviy vositalar va hamkorliklar orqali bogʻlab, Markaziy Osiyo va jahon iqtisodiyoti uchun muhim boʻgʻinga aylanishdir.
Kompaniyaning qadriyatlari.
1. Texnologiyalarni qamrash:
«Biz mijozlarimizning qulayligi va xavfsizligi uchun ilgʻor texnologiyalardan foydalanadigan yechimlarni taklif qilamiz.»
a) Yangi texnologiyalarni joriy etish mijozlarimizga qulay mobil ilovalardan tortib, avtomatlashtirilgan analitik vositalargacha noyob tajribani taklif qilish imkonini beradi;
b) Moliyani hamma uchun ochiq qiladigan mahsulotlar bilan ta’minlash uchun sun’iy intellekt, blokcheyn va boshqa zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga intilamiz;
c) Ma’lumotlar va tranzaksiyalarning xavfsizligi ustuvor vazifamiz boʻlib, bunga texnologik innovatsiyalar orqali erishamiz.
2. Shaffoflik:
«Biz qonunchilik va ichki standartlarga rioya qilgan holda halol va ochiq ish olib boramiz».
a) Biz mijozlar, hamkorlar va xodimlar bilan halol muloqot orqali ishonchni barpo etamiz;
b) Shaffoflik ishimizda yashirin shartlar, manipulyatsiya yoki dezinformatsiya yoʻqligini anglatadi;
c) Octobank mahsulotlari, xizmatlari va jarayonlari toʻgʻrisidagi barcha ma’lumotlar tushunish va oʻrganish uchun ochiqdir.
3. Mijozlarga yoʻnaltirilganlik:
«Har bir xatti-harakatimiz mijozning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan».
a) Biz har bir mijozning ehtiyojlarini tushunishdan boshlaymiz va ularning individual talablariga javob beradigan yechimlarni taklif qilamiz;
b) Mijozlarni qoʻllab-quvvatlash xizmatimiz har qanday muammolarni tez va samarali hal qilishga yordam bergan holda ilgarini koʻzlab ishlaydi;
c) Yuqori darajali servisni taklif qilib hamda mahsulotlarimizdan foydalanishni osonlashtirish orqali uzoq muddatli munosabatlarni oʻrnatishga intilamiz.
4. Barqarorlik:
«Qarorlarimizning biznes va jamiyatga uzoq muddatli ta’sirini hisobga olamiz.»
a) Biz mahalliy va xalqaro tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanishini ta’minlab, mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qoʻshishga intilamiz;
b) Barqarorlik biz uchun iqtisodiy samaradorlik va jamiyat oldidagi mas’uliyat oʻrtasidagi muvozanatdir;
c) Barqaror kelajakni yaratishga yordam beradigan ekologik toza va ijtimoiy ahamiyatga ega amaliyotlarni joriy qilamiz.
5. Jamoaviy ish:
«Har bir xodimning hissasini qadrlaymiz hamda qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikka asoslangan madaniyatni yaratamiz.»
a) har bir xodim oʻzini jamoaning muhim qismi sifatida his qiladigan jamoaviy ishning muhimligini tan olamiz;
b) Kompaniyada oʻqitish va tajriba almashish bizga rivojlanish va muvaffaqiyatga erishishga yordam beradi;
c) Bir-birini qoʻllab-quvvatlash Octobank korporativ madaniyatining nafaqat tamoyili, balki negizidir.
Kompaniyaning tamoyillari.
1. Oddiylik va qulaylik:
Moliyaviy xizmatlar barcha mijozlar uchun intuitiv tushunarli va qulay boʻlishi uchun murakkab jarayonlarni soddalashtirishga intilamiz.
2. Halollik va ochiqlik:
Barcha manfaatdor taraflar oldidagi majburiyatlarimizni bajarib, qat’iy axloqiy standartlar doirasida ishlaymiz.
3. Tezlik va moslashuvchanlik:
Octobank dolzarb va samarali yechimlarni taklif qilgan holda bozordagi oʻzgarishlarga tezda moslashadi.
4. Samarali hamkorlik:
Birgalikda ajoyib natijalarga erishish uchun mijozlar, hamkorlar va hamkasblar bilan faol hamkorlik qilamiz.
5. Mijozlar va hamkorlarni qoʻllab-quvvatlash:
Har bir harakatimiz mijozlarimiz va hamkorlarimiz uchun qadriyat yaratishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularning zamonaviy dunyoda rivojlanishi va muvaffaqiyat qozonishiga yordam beradi.
Nima uchun bu biz uchun muhim?
Bu qadriyatlar va tamoyillar shunchaki soʻzlar emas, balki har kunlik xatti-harakatlarimizning mohitidir. Biz professionallik, texnologiyaviylik va insoniylikni mujassam qilgan bankda ishlayotganimizdan faxrlanamiz. Buning sharofati bilan oʻsib boramiz, bir-birimizni ilhomlantiramiz va moliyaviy dunyoni yanada qulayroq qilamiz.
III. Xodimlarning majburiyatlari
Har birimiz Octobankning yuzi hisoblanamiz.
Xodimlarimiz eng asosiy kuchimizdir. Biz har bir insonning huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilamiz va xilma-xillik bizning raqobatdosh ustunligimizning bir qismi ekanligiga ishonamiz. “Octobank” AJ izchil ravishda hurmat, oʻzaro ishonch, hamkorlik va ochiq muloqot muhitini saqlab kelmoqda.
Octobankda ishlash shunchaki vazifalarni bajarishgina emas. Har birimiz kompaniyaning obroʻyi va muvaffaqiyati uchun javobgarmiz. Kundalik xatti-harakatlarimiz va qarorlarimiz mijozlarimiz, hamkorlarimiz va jamiyatimizning ishonchiga ta’sir qiladi. Ushbu boʻlimda biz barchamizga bir maromda va samarali ishlashimizga yordam beradigan xodimlarning asosiy majburiyatlarini jamladik.
1. Kompaniyaning qadriyatlari va standartlariga rioya qilish.
Har bir xodim ushbu Kodeksda tavsiflangan Octobank qadriyatlari va tamoyillarini baham koʻrishi va ularga rioya qilishi shart. Bu quyidagilarga taalluqlidir:
a) Ishonch: shaffof, halol va professional tarzda ishlang. Hech qachon mijozlar yoki hamkasblar oldidagi majburiyatlaringizni buzmang;
b) Innovatsiyalar: tashabbus koʻrsating, yangi gʻoyalarni taklif qiling va ularni bank ishiga joriy qilishga yordam berish;
c) Hurmat: Hamkasblar, mijozlar va hamkorlarga, ularning mavqei, kelib chiqishi yoki qarashlaridan qat’i nazar, hurmat bilan munosabatda boʻling.
2. Oʻz xatti-harakatlari uchun javobgarlik.
Qarorlaringiz va xulq-atvoringiz Octobankning in’ikosidir. Yodda tuting:
a) qonunchilikka rioya qiling. Ishingizga taalluqli qoidalar va qonunlarni bilish va ularga rioya qilish uchun javobgarsiz;
b) mas’uliyatni zimmangizga oling. Xato qilgan boʻlsangiz, buni tan oling va tuzatish rejasini taklif qiling;
c) koʻnikmalaringizni takomillashtirib boring. Doimiy rivojlanish va oʻrganish sizni professional sifatida kuchliroq qiladi.
3. E’tiborni mijozlarga qaratish.
Mijozlarimiz – ishimizning markazidir va har birimiz ularning bank bilan munosabatidagi tajribasi uchun javobgarmiz:
a) mijoz manfaatlarini koʻzlab harakat qiling. Faqat ularning ehtiyojlariga mos keladigan mahsulot va xizmatlarni tavsiya eting;
b) maxfiylikni saqlang. Mijozlar toʻgʻrisidagi har qanday axborot himoyalangan boʻlishi va faqat oʻz maqsadi uchun ishlatilishi lozim;
c) professional boʻling. Xushmuomalalik va diqqat-e’tiborli boʻlish mijoz bilan har qanday muloqotning asosiy elementlari hisoblanadi.
Biz Oʻzbekiston Respublikasining mehnat munosabatlari sohasida barcha amal qiluvchi qonunchilikka rioya qilamiz. Ishga yollash, tanlash, professional rivojlantirish va lavozimga koʻtarish boʻyicha barcha qarorlar faqat xodimlarning xizmatlari, malakasi, koʻnikmalari, yutuqlari va salohiyatiga asoslanadi. Biz asosiy inson huquqlarini hurmat qilamiz va irqi, dini, jinsi, yoshi, millati, oilaviy ahvoli yoki nogironligi kabi omillar qabul qiladigan qarorlarimizga ta’sir qilmasligini kafolatlaymiz.
IV. Mijozlar bilan oʻzaro munosabatlar
Mijozlar – ilhombaxsh omilimizdir.
1. Mijozlarni tushunish: tinglaymiz, tahlil qilamiz, harakat qilamiz.
a) Diqqat bilan tinglang. Mijozning ehtiyojlarini tushunish faol va fikrli suhbatdan boshlanadi;
b) Tafsilotlarni oʻrganing. Mijoz uchun nima muhimligini bilib oling va ularga haqiqatan ham foyda keltiradigan yechimlarni taklif qiling;
c) koʻproq taklif qiling. Biz nafaqat muammolarni hal qilamiz, balki innovatsiya va qulaylikni taklif qilish orqali qadriyat yaratamiz.
2. Halollik va shaffoflik: quruq va’dalar bermaymiz.
a) Aniq tushuntiring. Har bir mahsulot, xizmat yoki tarif mijozga tushunarli boʻlishi lozim. Murakkab jumla va mayda shriftdan saqlaning;
b) Faqat bajara olishingiz mumkin ishni va’da qiling. Murakkabliklar yuzaga kelsa, toʻgʻrisoʻz boʻling va yechimlarni taklif qiling;
c) Qoidalarga rioya qiling. Barcha oʻzaro munosabatlarimiz qonunchilik va ichki standartlarga mos keladi.
3. Maxfiylik va xavfsizlik: mijoz xotirjam boʻlishi lozim.
a) Shaxsiy axborotni himoya qiling. Hech qachon mijozning ma’lumotlarini uning roziligisiz uchinchi shaxslarga oshkor qilmang;
b) hushyor boʻling. Biron bir shubhali faoliyatni koʻrsangiz, darhol xavfsizlik xizmatiga xabar bering.
4. Har bir aloqada professionallik.
a) xushmuomala va diqqatli boʻling. Hatto murakkab vaziyatlarda ham xotirjamlik va hurmatni saqlang;
b) muammolarni hal qiling. Mijoz qiyinchiliklarga duch kelsa, tez va samarali yechim taklif qiling;
c) koʻproq qiling. Mijoz nafaqat mamnun, balki ilhomlanib ketishini ta’minlash uchun nima qilishingiz mumkinligini oʻylab koʻring.
5. Teskari aloqa: mijoz oʻsishimizga yordam beradi.
a) tinglang. Ijobiy va salbiy mulohazalar bir xil darajada muhimdir;
b) oʻrganing. Fikr-mulohazalarni tahlil qiling va undan mahsulot va xizmatlarimizni yaxshilash uchun foydalaning;
c) minnatdorchilik bildiring. Xaridorga uning fikri qadrlanishini namoyish qiling.
V. Hamkasblar bilan oʻzaro munosabat
Biz Octobankni olgʻa yurituvchi jamoamiz.
Octobankda har bir xodim yagona jamoaning muhim elementi hisoblanadi. Bizning kuchimiz birgalikda ishlash, bir-birimizni hurmat qilish va umumiy maqsadlarga erishish uchun kuchlarni birlashtirish qobiliyatidadir. Bank muvaffaqiyati bir-birimiz bilan qanday munosabatda boʻlishimizdan boshlanadi.
1. Bir-birimizga hurmat: hamkorligimiz asosi.
a) Hamkasblaringizning fikrlarini hurmat qiling. Qarashlarning xilma-xilligi bizni kuchliroq qiladi. Agar rozi boʻlmasangiz ham, muomala normalaridan chetga chiqmang;
b) xushmuomala boʻling. Oddiy «rahmat» yoki «iltimos» muloqotni yanada insoniyroq qiladi;
c) ziddiyatlardan saqlaning. Kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ularni bahslar emas, balki konstruktiv muloqot orqali hal qiling.
2. Qoʻllab-quvvatlash va yordam: umumiy natijaga erishish uchun ishlaymiz.
a) bilim bilan boʻlishish. Sizda hamkasblaringizga yordam beradigan tajriba yoki axborot boʻlsa, uni taklif qiling;
b) soʻrashdan qoʻrqmang. Sizga kerak boʻlganda yordam soʻrab murojaat qiling va bunga javoban hamkasblaringizni qoʻllab-quvvatlashga tayyor boʻling;
c) yutuqlarni tan oling. Jamoangiz va alohida xodimlarning muvaffaqiyatlarini ta’kidlang - bu barchani ragʻbatlantiradi.
3. Samarali muloqot: hamkorlikning kaliti.
a) Ish yuzasidan gapiring. Ortiqcha axborot yuklamasdan, fikrlaringizni aniq va tushunarli ifodalashga harakat qiling;
b) fikr-mulohazalarga ochiq boʻling. Tanqidni tanbeh sifatida emas, takomillashish uchun imkoniyat sifatida qabul qiling;
c) tegishli kanallardan foydalaning. Ish bilan bogʻliq masalalarda kommunikatsiyani tartibli saqlash uchun korporativ aloqa vositalarini tanlang.
4. Xavfsiz va qulay ish muhitini yaratish.
a) axloq qoidalariga rioya qiling. Shaxsiy chegaralarni hurmat qilish hamda kamsitish yoki ta’qib sifatida qabul qilinishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan qochish muhimdir;
b) tartibni saqlash. Ish makoni toza va tartibli boʻlishi lozim;
c) sogʻligʻingizni asrang. Hamkasblaringizning jismoniy va hissiy holatini hurmat qiling, xavfsizlik qoidalariga rioya qiling.
Nomaqbul xulq-atvor.
«Octobank» AJ qadr-qimmatini kamsituvchi, tahdid yoki dushmanlik muhitini yaratuvchi xatti-harakatlar yoki xulq-atvorga, shuningdek, kasbiy majburiyatlarini bajarishga asossiz toʻsiqlarga yoʻl qoʻymaydi. Xodimlardan boshqalarga hurmat bilan munosabatda boʻlishlarini va nomaqbul deb qabul qilinishi mumkin boʻlgan vaziyatlardan qochishlarini kutamiz.
Xususan, «Octobank» OAJ quyidagi xulq-atvor shakllarini taqiqlaydi:
a) haqorat yoki qoʻpollik;
b) shahvoniy yoki kamsituvchi mazmundagi sharhlar yoki tasvirlar;
c) e’tiborning istalmagan belgilari;
d) odobsiz yoki haqoratli imo-ishoralar va hazillar;
e) qoʻrqitish yoki tahdid qilish;
f) xavfli, qoʻpol yoki shafqatsiz harakatlar yoki ularni qoʻllashga tahdid.
Sizni biron holat bezovta qilsa, har doim Xodimlarni boshqarish boʻyicha Departamentga murojaat qilishingiz yoki qoidabuzarliklar toʻgʻrisida xabar qilish uchun tezkor telefonidan foydalanishingiz mumkin. Biz maxfiylikni va halol murojaat uchun salbiy oqibatlar boʻlmasligini kafolatlaymiz.
VI. Hamkorlar va raqobatchilar bilan oʻzaro munosabatlar
Hamkorlarimiz va raqobatchilarimiz Octobank muvaffaqiyat ekotizimining bir qismidir.
Hamkorlik munosabatlari va adolatli raqobat Octobankni barqaror oʻsishining asosidir. Biz bozordagi oʻrnimizni ishonch va professionallik belgilab beradigan dinamik va raqobat muhitida ishlaymiz. Ushbu munosabatlarni shakllantirishda Octobankning har bir xodimi muhim rol oʻynaydi.
1. Hamkorlikni ishonch asosida quramiz.
a) munosabatlardagi shaffoflik. Hamkorlarni toʻgʻri va toʻliq axborot bilan ta’minlab, halol va ochiq harakat qiling;
b) majburiyatlarni hurmat qilish. Shartlashuvlarni oʻz vaqtida va sifatli bajaring - bu ishonchning asosidir;
c) proaktiv yondashuv. Hamkorlar bilan oʻzaro munosabatlarni yaxshilash imkoniyatlarini qidiring, ikkala tomon uchun ham manfaatli tashabbuslarni taklif qiling.
2. Halol raqobat: axloqiy harakat qiling.
a) Qoidalarga rioya qiling. Raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni hurmat qiling va hech qachon raqobatga qarshi bitimlarda yoki manipulyatsiyalarda ishtirok etmang;
b) shubhali usullardan foydalanmang. Hech qachon ustunlikka erishish uchun tuhmat, notoʻgʻri ma’lumot yoki axloqsiz usullarga murojaat qilmang;
c) Hurmat bilan tahlil qiling. Raqobatchilaringizning harakatlarini oʻrganayotganda, oʻzingiznikini rivojlantirish uchun ularning kuchli tomonlariga e’tibor qarating.
“Octobank” AJ korrupsiyaga qarshi qonunchilikka rioya qilish hamda poraxoʻrlik va korrupsiyaning har qanday koʻrinishlariga toqat qilmaslik boʻyicha qat’iy siyosatga amal qiladi. Barcha xodimlarimiz, hamkorlarimiz va raqobatchilarimizdan xuddi shu tamoyillarni namoyish etishlarini kutamiz. Bankning yoki bizning nomimizdan ish olib borayotgan uchinchi shaxsning hech bir vakili shaxsiy maqsadlari yoʻlida yoki tijorat afzalliklari yoki biznesni saqlab qolish evaziga pul yoki boshqa qimmatbaho narsalarni taklif qilish, va’da qilish yoki berish huquqiga ega emas. Pora berishdan bosh tortish, hatto ishbilarmonlik imkoniyatlarini qoʻldan chiqarish bilan bogʻliq boʻlsa ham, xodimlarimiz uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin emas.
Biz biznesimizni hamkorlarimiz va raqobatchilarimiz huquqlarini hurmat qilgan holda halollik va oshkoralik tamoyillari asosida quramiz. «Octobank» AJ biznesni yuritishning vijdonli qoidalarini buzishi mumkin boʻlgan har qanday harakatlarni, jumladan, manipulyatsiya, axborotni yashirish yoki ishonchni suiiste’mol qilishni istisno qiladi. Biz narxlarni belgilash yoki bozorni taqsimlash kabi raqobatga qarshi har qanday shartlashuvlardan bosh tortgan holda raqobat toʻgʻrisidagi qonunlarga qat’iy rioya qilamiz. Bundan tashqari, bank faqat qonuniy ravishda olingan materiallardan foydalangan holda intellektual mulkdan mas’uliyatli foydalanishni kafolatlayd
VII. Manfaatlar toʻqnashuvi
Manfaatlar toʻqnashuvi nima va bu nima uchun muhim
Xodimning shaxsiy manfaatlari (moliyaviy, oilaviy yoki boshqa) Octobankdagi kasbiy qarorlariga ta’sir qilishi mumkin boʻlsa, manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga keladi. Bunday holatlar har doim ham yaqqol koʻrinmaydi, lekin ular bank obroʻyiga putur etkazishi, mijozlar ishonchini susaytirishi yoki obyektiv qarorlar qabul qilishga xalaqit berishi mumkin. Sizning halolligingiz va shaffofligingiz bunday tavakkalchiliklarni oldini olishning muhim omilidir.
1. Manfaatlar toʻqnashuvi qanday tanib olinadi:
a) Moliyaviy manfaatdorlik: Siz yoki sizning oila a’zolaringiz Octobank bilan hamkorlik qiladigan kompaniyada moliyaviy manfaatlarga egasiz;
b) Shaxsiy munosabatlar: Siz yaqin munosabatda boʻlgan odamlarni yollash, lavozimga koʻtarish yoki ishga joylashtirish boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etasiz;
c) Sovgʻalar va mukofotlar: qarorlaringizga ta’sir qilishi mumkin boʻlgan hamkordan sovgʻalar yoki bonuslar olish.
2. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelganda nima qilish kerak:
a) Muammoni tan oling. Siz uchun ahamiyatsiz boʻlib tuyulsa ham, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan mojaroni yashirishga urinmang;
b) rahbariyatni xabardor qilish. Vaziyatni aniqlashtirish uchun bevosita menejeringiz, Xodimlar boʻlimi yoki komplayens departamenti bilan bogʻlaning;
c) qaror qabul qilishda ishtirok etishdan saqlaning. Agar ziddiyat yaqqol boʻlsa, rahbariyatdan tushuntirish olmaguningizcha, vaziyat bilan bogʻliq qarorlar qabul qilishdan saqlaning.
3. Manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish usullari:
a) Shaffof boʻling. Bankdagi ishingiz bilan kesishishi mumkin boʻlgan har qanday tashqi manfaatlarni muntazam ravishda oshkor qiling;
b) Sovgʻalar siyosatiga amal qiling. Mijoz yoki hamkordan sovgʻa yoki mukofot olsangiz, mumkinligini bilish uchun rahbariyat bilan maslahatlashing;
c) bandligingizni rejalashtiring. Har qanday yondosh faoliyatni boshlashdan oldin, u Octobank siyosatiga zid kelmasligiga ishonch hosil qiling.
«Octobank» AJ yuqori axloqiy standartlar va shaffoflikdan kelib chiqqan holda, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish va hal qilish boʻyicha qat’iy siyosatga amal qiladi. Biz har bir xodimdan shaxsiy manfaatlarni bank manfaatlaridan ustun qoʻyadigan har qanday vaziyatlarni istisno qilgan holda vijdonan harakat qilishini kutamiz. Potensial yoki haqiqiy manfaatlar toʻqnashuvini oshkor qilish mijozlar, hamkorlar va aksiyadorlarning ishonchini saqlab qolishning majburiy talabidir.
VIII. Axborot bilan ishlash
Axborot Octobankning asosiy aktividir.
Axborot bizning ishimizning asosini tashkil etib, uning to‘gʻri muomalada boʻlish bank muvaffaqiyatini ta’minlashda asosiy rol oʻynaydi. Biz ishonchning yuqori darajasini saqlab qolish uchun mijozlar, hamkorlar va kompaniyaning ma’lumotlarini himoya qilishga majburmiz.
1. Axborotning turlari:
a) mijoz toʻgʻrisida ma’lumot: mijozlarning shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari;
b) Korporativ ma’lumotlar: Ichki hujjatlar, strategiyalar va biznes rejalar;
c) Hamkorlarning maxfiy ma’lumotlari: Hamkorlik munosabatlari doirasida bankka taqdim etiladigan har qanday ma’lumotlar.
2. Axborot bilan ishlash:
a) maxfiylikni saqlash va faqat zarurat boʻyicha axborotni oshkor qilish;
b) Hujjatlarni zarurat boʻlmasa nusxalamang va dublikatlarni yaratmang;
c) elektron ma’lumotlarni korporativ xavfsizlik tizimlari yordamida himoya qiling.
3. Elektron xavfsizlik:
a) faqat korporativ qurilmalar va himoyalangan aloqa kanallaridan foydalaning;
b) Parollaringizni muntazam yangilang va ikki faktorli autentifikatsiyadan foydalaning;
c) IT boʻlimiga shubhali faoliyat toʻgʻrisida xabar bering.
4. Kommunikatsiya:
a) hech qachon maxfiy ma’lumotlarni ish jarayonidan tashqarida muhokama qilmang;
b) Bank faoliyatiga oid har qanday nashrlarni Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi bilan muvofiqlashtiring.
«Octobank» AJ maxfiy axborot, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, ichki va tashqi kommunikatsiyalarning aniqligini ta’minlashga alohida e’tibor beradi. Har bir xodim oʻz kasbiy faoliyatida maxfiylikni saqlashi shart, bunda bank, uning mijozlari, hamkorlari va hamkasblari faoliyati bilan bogʻliq ma’lumotlardan ruxsatsiz foydalanish, tarqatish yoki oshkor qilish bundan mustasno. Faqat vakolatli shaxslargina tashqi tomonlar, jumladan, ommaviy axborot vositalari, tahlilchilar va investorlar bilan muloqot qilishi mumkin, moliyaviy yoki biznes ma’lumotlariga oid har qanday soʻrovlar tegishli departamentlarga yuboriladi. Biz xodimlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda ehtiyot boʻlishni, biznes-hamkorlar yoki hamkasblarni ularning ruxsatisiz tilga olmaslikni tavsiya qilamiz.
«Octobank» OAJ shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalariga va axborot xavfsizligi sohasidagi amaldagi qonunlarga qat’iy rioya qiladi. Shaxsiy ma’lumotlarga kirish faqat vakolatli xodimlarga va faqat ularning professional vazifalari doirasida beriladi. Biz ma’lumotlarning yoʻqolishi, oʻgʻirlanishi yoki ruxsatsiz kirishining oldini olish choralarini koʻramiz, shuningdek, tashqi hamkorlar bilan ma’lumot almashishda maxfiylik toʻgʻrisidagi kelishuvlardan foydalanishni talab qilamiz. Ushbu chora-tadbirlar ma’lumotlarning ishonchli himoyasini kafolatlaydi, mijozlarimiz va hamkorlarimiz ishonchini saqlashga yordam beradi va bank professional etikaning yuqori standartlariga muvofiqlikni ta’minlaydi.
IX. Tavakkalchiliklarni hisobga olish va javobgarlikni boshqarish
Tavakkalchiliklar har qanday faoliyatning bir qismidir hamda vazifamiz ularni minimallashtirishdir.
Octobank xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun tavakkalchiliklarni boshqarishning ilgʻor amaliyotlarini joriy qiladi. Har bir xodim potensial tahdidlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etishda ishtirok etishi shart.
1. Tavakkalchiliklarning turlari:
a) Moliyaviy tavakkalchiliklar: bozordagi tebranishlar yoki mahsulotlarning mijozlar ehtiyojlariga muvofiq emasligi oqibatidagi yoʻqotishlar;
b) Operatsion tavakkalchiliklar: IT tizimlaridagi nosozliklar yoki jarayonlardagi xatolar;
c) Nufuzli tavakkalchiliklar: mijozlar yoki hamkorlarning salbiy reaksiyasi;
d) korporativ tavakkalchiliklar: manfaatlar toʻqnashuvi, aktivlar va loyihalarni samarasiz boshqarish, shuningdek, korporativ madaniyatning zaifligi;
e) Huquqiy tavakkalchiliklar: Qonuniy talablarga nomuvofiqlik.
2. Tavakkalchiliklarni qanday boshqarish lozim:
a) ichki siyosat va koʻrsatmalarga rioya qiling;
b) potensial tahdidlar yoki buzilishlar toʻgʻrisida xabar bering;
c) treninglarda ishtirok eting va tavakkalchiliklarni oldini olish boʻyicha tavsiyalar bilan tanishing.
X. Kodeksga rioya qilish tartib-tamoyillari
Kodeksni amalda qanday qoʻllash lozim.
Ushbu Kodeks faqat xodimlar uning talablarini aniq tushunib, ularga muvofiq harakat qilganda ishlaydi. Uning qoidalariga rioya qilishingizga yordam beradigan vositalar va jarayonlarni yaratdik.
1. Oʻqitish.
a) har bir xodim birinchi ish kunida Kodeks bilan tanishadi;
b) Axloqiy standartlar toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish va tushunishni oshirish uchun muntazam treninglar oʻtkaziladi.
2. Qoidabuzarliklar toʻgʻrisida xabar berish.
a) qoidabuzarlik toʻgʻrisida rahbaringiz, Xodimlar boʻlimi yoki anonim kanal orqali xabar bering;
b) xabaringiz maxfiylikka rioya qilingan holda va siz uchun hech qanday salbiy oqibatlarsiz koʻrib chiqiladi.
3. Qoidabuzarliklarni koʻrib chiqish.
a) Har bir xabar vakolatli mutaxassislar tomonidan tahlil qilinadi;
b) Qarorlar barcha omillarni hisobga olgan holda xolisona qabul qilinadi.
XI. Yakuniy qoidalar
Ushbu Kodeks – qoidalar toʻplamigina emas, balki oʻsishimizga va ishimizda yuqori standartlarni saqlashga yordam beradigan vositadir. Unga amal qilish orqali bank obroʻyini va mijozlarimiz va hamkasblarimiz ishonchini mustahkamlaymiz.
a) Kodeks qoidalarini har kuni qoʻllang;
b) korporativ madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlang;
c) Hujjatni takomillashtirish boʻyicha taklif va mulohazalar bilan oʻrtoqlashing.
Octobank yuqori axloq va professionallik standartlariga sodiqligingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiradi!