Kelajakka ongli qarash: Octobank yoshlar bilan kasb tanlash va moliya mavzusida uchrashuvlar o‘tkazmoqda
Shayxontohur tumanidagi 262-maktab bitiruvchi o‘quvchilari bilan Octobank Amaliyot Boshqarmasi Boshligʻi Hazratqulov Rasuljon ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda yoshlar bilan kasb tanlash, moliyaviy savodxonlik va kiberxavfsizlik masalalari yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv davomida o‘quvchilarga zamonaviy bank tizimi, shaxsiy byudjetni to‘g‘ri boshqarish va iqtisodiy qarorlarni ongli qabul qilishning ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, bank sohasidagi kasblar, moliya bozoridagi imkoniyatlar hamda kelajakda talab yuqori bo‘ladigan mutaxassisliklar haqida tushunchalar taqdim etildi. Kiberxavfsizlik mavzusida internetdagi firibgarlik holatlari va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik va idoralarda “Yoshlar kuni” sifatida belgilangan. Bu kunda rahbarlar yoshlar bilan uchrashib, ularning ta’lim olishi, kasb va til o‘rganishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratadi. Octobank tomonidan tashkil etilgan mazkur uchrashuv ham ana shunday tashabbuslar doirasida yoshlarning bilim va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Shuningdek, ta’kidlash joizki, bunday uchrashuvlar doimiy ravishda o‘tkazilib boriladi, bu esa yoshlarni muntazam qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va moliyaviy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda raqamli xavfsizlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
