Octobank CIFIT Forumda: xalqaro aloqalardan — aniq yechimlar sari
Octobank jamoasi Xitoyda bo‘lib o‘tgan CIFIT Forumda ishtirok etdi. Mazkur forum moliyaviy hamkorlik va to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan muhim xalqaro maydonlardan biri hisoblanadi. Ikki kun davomida bank vakillari Osiyo va Yevropaning yetakchi moliyaviy institutlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Muzokaralarda DBS Bank, Bank of China, Deutsche Bank, First Bank, Santander, Bank of Qingdao, China Merchants Bank, OCBC Bank, Siam Commercial Bank va Bank Mandiri vakillari ishtirok etdilar.

Muzokaralarning asosiy mavzulari — korrespondentlik munosabatlari, valyuta va g‘aznachilik operatsiyalari hamda savdoni moliyalashtirish yo'nalishlari bo‘ldi.
First Bank bilan korrespondentlik munosabatlarini o‘rnatish, hisobraqamlar ochish va g‘aznachilik yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilandi.
Octobankning uzoq yillik xalqaro hamkorlaridan biri — Santander bilan amaldagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro operatsiyalar hajmini oshirish va xalqaro hisob-kitoblarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Bank of Qingdao bilan uchrashuvda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘sib borayotgan savdo oqimlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilar va o‘zbekistonlik biznes vakillari o‘rtasida yanada to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bank of China, DBS Bank va Deutsche Bank bilan esa xalqaro moliyaviy infratuzilmani yanada rivojlantirish va hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Octobank uchun bunday uchrashuvlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro moliyaviy kanallarni rivojlantirish, transchegaraviy hisob-kitoblar samaradorligini oshirish va xorijiy hamkorlar bilan ishlayotgan mijozlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
CIFIT Forumdagi ishtirok Octobank uchun xalqaro muloqotdan aniq hamkorlik yo‘nalishlari va biznes uchun amaliy yechimlar sari qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.