18.11.2026

Octobank FINOBOD 2026 forumida yangi moliyaviy arxitektura boʻyicha amaliy yechimlarni taqdim etdi

13–14-noyabr kunlari Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida FINOBOD 2026 xalqaro innovatsion texnologiyalar forumi boʻlib oʻtdi. Tadbir moliya institutlari, davlat tashkilotlari, toʻlov tizimlari va texnologik kompaniyalarning 1 500 dan ortiq vakilini birlashtirdi. Forumning ishbilarmonlik dasturi 18 ta mavzuli yo‘nalish boʻyicha 37 ta tadbirni qamrab oldi.

Octobank forumning ishbilarmonlik va koʻrgazma dasturlarida ishtirok etdi. Bank vakillari toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish, sun’iy intellekt, raqamli aktivlar va yangi moliyaviy arxitekturani shakllantirishga bagʻishlangan ekspertlik muhokamalarida qatnashdilar.


Yangi moliyaviy arxitektura va sun’iy intellektning oʻrni

Forumning muhim tadbirlaridan biri «Fintex: jahon tendensiyalari va yangi moliyaviy arxitekturaning amaliy yechimlari» mavzusidagi yalpi majlis boʻldi. Unga VTB banki prezidenti — Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Olga Skorobogatova moderatorlik qildi.

Muhokamada Octobank Boshqaruvi raisi oʻrinbosari Roman Tretyakov ishtirok etdi. Ekspertlar banklar faoliyatining oʻzgarishi, platformaga asoslangan biznes modellari, ochiq integratsiyalar va moliyaviy operatsiyalarda sun’iy intellekt agentlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildilar.

«Biz bank texnologik platformaga, sun’iy intellekt agentlari esa moliyaviy operatsiyalarning yangi ishtirokchilariga aylanayotgan yangi moliyaviy arxitekturaga oʻtmoqdamiz. Ular mijozlar topshirigʻiga binoan xizmatlarni mustaqil tanlashi va toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin boʻladi. Biroq bunday modelning asosiy sharti — ishonchdir. Banklar barcha ishtirokchilarning xavfsiz hamkorligini, operatsiyalar shaffofligini va sun’iy intellekt harakatlari ustidan nazoratni ta’minlashi kerak», — dedi Roman Tretyakov.

Roman Tretyakov, shuningdek, «Banklar va toʻlov platformalari» sessiyasida ham ishtirok etdi. Unda xalqaro toʻlov tizimlari integratsiyasi, Banking-as-a-Service modeli va raqamli toʻlovlarni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Amaliy yechimlar qatorida Apple Pay va Google Pay xizmatlarining rekord darajada qisqa muddatlarda ishga tushirilishi, Alipay+, MyID Palm biometrik toʻlov tizimi hamda Octobankning hamkorlikdagi toʻlov xizmatlari muhokama qilindi.


Toʻlov infratuzilmasi va raqamli aktivlar

Octobank Protsessing departamenti direktori Asatilla Nurmatullayev global fintex tendensiyalari va raqamli aktivlar uchun ishonchli infratuzilmani rivojlantirishga bagʻishlangan sessiyalarda ishtirok etdi.

Muhokamalarda Open Banking, toʻlov tizimlarining oʻzaro mosligi, transchegaraviy hisob-kitoblar hamda tashqi iqtisodiy faoliyatda raqamli aktivlardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

«2030-yilga borib mijoz uchun uning operatsiyasi ortida qaysi bank, qaysi toʻlov tizimi yoki protsessing markazi turgani tobora kamroq ahamiyat kasb etadi. Biroq aynan shu koʻzga koʻrinmas infratuzilmaning sifati moliya tizimiga boʻlgan ishonchni belgilaydi», — ta’kidladi Asatilla Nurmatullayev.


UPplatform va moliyaviy xizmatlarga sun’iy intellektni joriy etish

UPplatform texnik direktori Timur Isxakov «Moliyaviy xizmatlarda sun’iy intellekt va avtonom agentlar» sessiyasida ishtirok etdi. Unda sun’iy intellektni keng miqyosda joriy etish, texnologik infratuzilmaga qoʻyiladigan talablar va avtonom moliyaviy operatsiyalar xavfsizligi muhokama qilindi.

Interaktiv stendda jamoa raqamli moliyaviy mahsulotlarni tezkor ishga tushirish va sun’iy intellekt agentlarini joriy etishga xizmat qiluvchi UPplatform imkoniyatlarini namoyish etdi. Ushbu platforma infratuzilma, integratsiyalar, ma’lumotlar, monitoring va xavfsizlik vositalarini yagona muhitda birlashtiradi.


Hamkorlik va moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish

Forum doirasida Octobank vakillari VTB, HUMO, FinTex assotsiatsiyasi, SQB, Click, PAY10, VEB.RF va «Kasperskiy laboratoriyasi» kabi moliya va texnologiya sohasi vakillari bilan ishbilarmonlik uchrashuvlarini oʻtkazdilar.

Uchrashuvlarda toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish, hamkorlikdagi integratsiyalar, transchegaraviy hisob-kitoblar va yangi moliyaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

FINOBOD 2026 forumidagi ishtirok Octobankga raqamli transformatsiya borasidagi amaliy tajribasini namoyish etish, xalqaro hamkorlar bilan tajriba almashish va yangi texnologik tashabbuslar ustidagi ishlarni davom ettirish imkonini berdi.

Поделитесь