21.10.2026

Octobank Fusion Georgia 2026 xalqaro forumida toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha oʻz tajribasini taqdim etdi

2026-yil 8-oktabr kuni Tbilisi shahrida Penki Kontinentai kompaniyalar guruhiga kiruvchi BS/2 kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Fusion Georgia 2026: Banking & Retail Solutions xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda 164 ta tashkilotdan 325 nafar ishtirokchi, jumladan, 43 ta bank, 93 ta chakana savdo korxonasi hamda 28 ta texnologik hamkor va yetkazib beruvchi kompaniya vakillari qatnashdi.

Forumda Octobank Protsessing departamenti direktori Asatilla Nurmatullayev ham ma’ruza bilan ishtirok etdi. U «Bankomatlardan raqamli toʻlovlargacha: zamonaviy bank uchun yagona to‘lov infratuzilmasini yaratish» mavzusidagi taqdimotida bankning protsessing tizimi, bankomatlar tarmog‘i va raqamli to‘lov xizmatlarini yagona ekotizimga birlashtirish borasidagi amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

«Bank sohasining kelajagi joriy etilgan texnologiyalar soni bilan emas, balki ularning yagona ekotizimga qanchalik samarali integratsiya qilingani bilan belgilanadi. Octobank tajribasi shuni koʻrsatadiki, protsessing, bankomatlar va raqamli toʻlovlar yaxlit tizimda ishlaganda, texnologiyalar oddiy infratuzilmadan biznes taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylanadi», — deya ta’kidladi Asatilla Nurmatullayev.

Tadbir davomida Octobank delegatsiyasi xalqaro ekspertlar va moliya tashkilotlari vakillari bilan tajriba almashdi. Muzokaralarda protsessing va ekvayring xizmatlarini takomillashtirish, hamkorlar xizmatlarini integratsiya qilish hamda bankning oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish infratuzilmasi imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Fusion Georgia 2026 forumidagi ishtirok Octobank uchun oʻz texnologik yechimlarini xalqaro miqyosda namoyish etish, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va istiqbolli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishga xizmat qildi.

Octobank toʻlov infratuzilmasini takomillashtirish, ilg‘or moliyaviy texnologiyalarni joriy etish hamda bank xizmatlari sifatini oshirishga qaratilgan hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirishda davom etmoqda.

Fusion Georgia — bank, chakana savdo va texnologiya sohalari vakillarini birlashtiruvchi xalqaro professional muloqot maydoni. Forumning asosiy yoʻnalishlari biznesni raqamli transformatsiya qilish, toʻlov infratuzilmasini rivojlantirish, sun’iy intellektdan foydalanish hamda zamonaviy moliyaviy yechimlarni joriy etishni qamrab oladi.

Mazkur tadbirning ahamiyati ilg‘or tajriba almashish va soha ishtirokchilari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Forum banklar va kompaniyalarga zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish, ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha muvaffaqiyatli loyihalarni oʻrganish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish hamda istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlarini belgilash imkonini beradi. Dastur doirasida ekspertlar ma’ruzalari, texnologik yechimlar namoyishi va salohiyatli hamkorlar bilan individual uchrashuvlar tashkil etildi.

 

Поделитесь