17.11.2026

Octobank HUMO kartalari endi Apple Payni qo‘llab-quvvatlaydi

Octobank HUMO kartalari egalari uchun xaridlar haqini to‘lashning yana bir qulay usuli — Apple Pay paydo bo‘ldi. Bank Milliy to‘lov tizimi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib o‘z mijozlariga ushbu imkoniyatni taqdim etdi.
iPhone va Apple Watch orqali, onlayn xaridlarda esa iPad va Mac yordamida ham to‘lash mumkin. HUMO kartasini iPhoneda Apple Payga qo‘shish uchun iOS 27 yoki undan keyingi versiya talab etiladi.

«Dastlab mijozlarimizga Visa va Mastercard kartalari bilan Apple Paydan foydalanish imkoniyatini taqdim etdik. Endi HUMO Milliy to‘lov tizimi bilan birgalikda navbatdagi qadamni tashlamoqdamiz — milliy kartalarni ham xizmatga ulayapmiz. O‘zbekistondagi kundalik xaridlar uchun endi xalqaro karta ochish shart emas. Octobank mijozlari uchun bankning plastik, virtual va tezkor HUMO kartalari mavjud», — deya ta’kidladi Octobank matbuot xizmati.

HUMO kartasini qanday olish mumkin:

Virtual HUMO kartasini Octo-Mobile ilovasida rasmiylashtirish mumkin. Tezkor kartani Food Mall va Eco Bozorda joylashgan Octobank xizmat ko‘rsatish nuqtalarida, shuningdek, Furqat ko‘chasi, 2-uy manzilidagi bank ofisida olish mumkin. Plastik karta faqat bank ofisida rasmiylashtiriladi.


Virtual va tezkor kartalarni ulash tartibi bir xil:
• kartani Octo-Mobile ilovasida faollashtiring;
• karta balansini to‘ldiring;
• kartani Apple Wallet yoki Octo-Mobile orqali Apple Payga qo‘shing va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qilib, ulanishni tasdiqlang.

Shundan so‘ng karta bilan xaridlar uchun to‘lov qilish mumkin. Face ID funksiyali iPhoneda yon tugmani ikki marta bosish, xaridni tasdiqlash va qurilmani mos kontaktsiz to‘lov terminaliga yaqinlashtirish kifoya.

Kartaning haqiqiy rekvizitlari sotuvchiga uzatilmaydi: ularning o‘rniga raqamli identifikator ishlatiladi. iPhoneda xarid Face ID, Touch ID yoki qurilma paroli orqali tasdiqlanadi.
Octobank HUMO kartangizni Apple Walletga qo‘shing va kundalik xaridlaringiz uchun yangi usulda to‘lov qiling.

Поделитесь