Octobank internet-ekvayring hamkorlari uchun Apple Pay va Google Pay to’lovni ishga tushirdi
Octobank o‘zining internet-ekvayring imkoniyatlarini kengaytirdi – endi bank hamkorlari sayt va ilovalarda to‘lovlarni qabul qilish uchun Apple Pay va Google Pay xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Xaridor to‘lovni smartfonda tasdiqlashi kifoya.
Yangi to‘lov usulini joriy etgan dastlabki yirik kompaniyalar Uzbekistan Airways va Centrum Air bo‘ldi. Ularning yo‘lovchilari endilikda aviachipta xarid qilishda raqamli hamyonlardan foydalanishlari mumkin. Tranzaksiyalar tokenlashtirilgan ma’lumotlar yordamida amalga oshiriladi – kartaning asl rekvizitlari savdo shoxobchasiga uzatilmaydi.
«Aviachiptani smartfoningizdan bir necha tugmani bosish orqali to‘lash imkoniyati endi shunchaki qo‘shimcha imkoniyat emas, balki zamonaviy xizmatning muhim tarkibiy qismidir. Aviatsiya va turizm sohasidagi yirik kompaniyalar ushbu yechimga birinchilardan bo‘lib qo‘shilganligi biz uchun juda muhim. Bu to‘lov texnologiyalari mijozning xizmatni tanlashdan to to‘lovgacha bo‘lgan yo‘lni qanday qilib ancha osonlashtirishi mumkinligiga yaxshi misoldir», — deydi Octobank transchegaraviy pul o‘tkazmalari va elektron tijorat bo‘yicha boshqaruvchi direktori Vladimir Vasilev.
Hamkorlar texnologiya haqida:
Yangi texnologiya Uzbekistan Airways mijozlariga aviachiptalarni onlayn xarid qilish jarayonini soddalashtirish imkonini berdi.
«Octobank bilan hamkorlikda amalga oshirilgan yechim tufayli mijozlarimiz aviachiptalarni Apple Pay va Google Pay orqali bank kartasi ma’lumotlarini kiritmasdan to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu onlayn xarid jarayonini takomillashtirish yo‘lidagi yana bir qadamdir. Biz Octobank bilan hamkorlikni va uning O‘zbekiston aviatsiya sanoati uchun zamonaviy raqamli to‘lov yechimlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini qadrlaymiz», — deya ta’kidladi Uzbekistan Airways AJ matbuot xizmati.
Aviachiptalar uchun Apple Pay va Google Pay orqali to‘lash imkoniyati endi Centrum Air yo‘lovchilari uchun ham mavjud.
«Octobank bilan hamkorlikda Apple Pay va Google Pay orqali to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish yo‘lovchilarimiz uchun aviachiptalarni xarid qilish jarayonini yanada qulaylashtiradi. Bu, ayniqsa, kundalik hayotda kontaktsiz to‘lov usullaridan foydalanishga odatlangan mijozlar uchun katta ahamiyatga ega. Octobank jamoasiga yechimni texnologik jihatdan amalga oshirilganligi va samarali hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deb ta’kidladi aviakompaniya matbuot xizmati.
Octobank texnologiyani boshqa sohalarda ham — elektron tijoratdan tortib turli onlayn xizmatlargacha qo‘llash salohiyatini ko‘rmoqda. Bunday to‘lov formati allaqachon AQSH, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida keng tarqalgan va endilikda bankning O‘zbekistondagi internet-ekvayring hamkorlari ham ushbu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.