Octobank Strategic Banking Innovation 2026 mukofoti sovrindori bo‘ldi
Octobank bank sektorida innovatsiyalarni rivojlantirish va raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdim etiladigan Strategic Banking Innovation 2026 mukofotiga sazovor bo‘ldi. Mukofot xalqaro BS/2 kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan Banking Fusion Uzbekistan 2026 forumi doirasida topshirildi.
Forum 3-iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi va unda to‘qqiz mamlakatdan 160 ga yaqin moliya bozori vakillari ishtirok etdi. BS/2 har yili banklar, to‘lov tizimlari, fintex kompaniyalari va texnologik tashkilotlarni bir maydonga jamlab, mintaqada bank sohasining rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish imkoniyatini yaratadi.
Forumning asosiy mavzulari raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, ma’lumotlarni boshqarish hamda moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Octobank vakillari raqamli aktivlar hamda mintaqa moliyaviy ekotizimining kelajakdagi rivojlanish tendensiyalari yuzasidan ekspert fikrlari bilan ishtirok etdilar.
Octobank Boshqaruvi raisining IT yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosari Roman Tretyakov bankning texnologik platformalar, raqamli aktivlar, banklar hamda fintex kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi modellari bo‘yicha qarashlari bilan bo‘lishdi. O‘z navbatida, Octobank loyiha ofisi menejeri Azamat Ziyomuhamedov mijozlarning raqamli aktivlar bilan bog‘liq xizmatlarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgani haqida so‘z yuritdi. Muhokamalar davomida Octobank Protsessing departamenti direktori Asatilla Nurmatullayev O‘zbekistonda banklar va kriptokompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotgan omillarga alohida to‘xtaldi.
“Forum doirasida mintaqa moliya sektorining rivojlanishi haqidagi qarashlarimiz bilan o‘rtoqlashish va xalqaro hamjamiyatga nima sababdan O‘zbekiston bugungi kunda fintex kompaniyalari, kriptobiznes va innovatsion moliyaviy loyihalar uchun eng jadal rivojlanayotgan bozorlardan biriga aylanganini yetkazish muhim edi.
BS/2 bilan hamkorlik davomida bank tomonidan zamonaviy Wincor Nixdorf qurilmalari asosida bankomatlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirildi. Ushbu qurilmalar xavfsizlik, ishonchlilik va mijozlar tajribasi bo‘yicha bozor talablariga to‘liq javob beradi. BS/2 jamoasi bilan birgalikda raqamli infratuzilmani rivojlantirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga qaratilgan qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdik”, — dedi Asatilla Nurmatullayev.

Strategic Banking Innovation 2026 mukofotining qo‘lga kiritilishi Octobankning mamlakatdagi eng texnologik banklardan biri sifatidagi mavqeini va mintaqada raqamli moliyaviy yechimlarni rivojlantirishdagi muhim rolini yana bir bor tasdiqladi.