09.10.2026

Octobank SIBOS 2026 tadbirida xalqaro hamkorlar bilan 100 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi

Xorijdan mahsulot yetkazib berish xarajatlarini to‘lash, tushumni qabul qilish, yangi shartnoma uchun moliyalashtirish manbasini topish — bu vazifalarning har biri ortida turli mamlakatlar banklarining mehnati yotadi. Octobank yana bir bor — tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida SIBOS 2026 ko‘rgazmasida jahon moliya bozorining yetakchi ishtirokchilari bilan uchrashdi.

Mayami shahridagi Miami Beach Convention Center maydonida to‘rt kun davomida Octobank delegatsiyasi banklar, to‘lov tizimlari hamda texnologik kompaniyalar vakillari bilan 100 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. Bank amaldagi hamkorlar bilan muloqotni davom ettirib, AQSH, Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda yangi aloqalarni yo‘lga qo‘ydi.

Forum doirasida BNY, Raiffeisen Bank International, ICBC Standard Bank, China Construction Bank, Standard Chartered, Société Générale, Landesbank Baden-Württemberg, Citi Bank va boshqalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muhokamalar korrespondentlik munosabatlari, valyuta va banklararo operatsiyalar, savdoni moliyalashtirish, shuningdek, to‘lov yechimlarini qamrab oldi.

«Xalqaro hamkorlikda har bir hamkorning imkoniyatlarini va birgalikda ishlash shartlarini tushunish muhim ahamiyatga ega. Bank mijozlari uchun uning natijasi aniq bo‘lishi kerak: xalqaro hisob-kitoblarni muvaffaqiyatli amalga oshirish va o‘z biznesining imkoniyatlarini kengaytirish. Biz SIBOSda xorijiy hamkorlar bilan birga qanday yechimlarni taklif qila olishimizni muhokama qildik. Yuzma-yuz muzokaralar ushbu vazifalarni batafsil ko‘rib chiqish hamda uzoq muddatli hamkorlik uchun zarur bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga imkon beradi», — dedi Octobank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hamid Jumayev.

Swift tomonidan har yili tashkil etiladigan SIBOS 28-sentabrdan 1-oktabrgacha bo‘lib o‘tdi. Octobank unda uchinchi bor ishtirok etdi. Bu yil esa bank O‘zbekistondan o‘z stendi bilan qatnashgan yagona bank bo‘ldi.

Mehmonlar o‘zbekona mehmondo‘stlik muhitida — an’anaviy taomlar va esdalik sovg‘alari bilan kutib olindi. iPhone yutuqli o‘yinlari mazmunga boy ishbilarmonlik dasturiga yanada yorqin taassurotlar bag‘ishladi. Ayniqsa, Alisher Navoiy, Amir Temur hamda O‘zbekistonning boshqa atoqli namoyandalari tasvirlangan esdalik tangalari katta qiziqish uyg‘otdi. Jamoa ushbu sovg‘alar orqali mehmonlarni mamlakat tarixi va boy madaniy merosi bilan tanishtirdi.

Mayamida Octobank O‘zbekistonning zamonaviy, xalqaro hamkorlikka ochiq bank sektorini namoyish etdi. Bank 25 yillik tajribasi va biznes ehtiyojlarini chuqur anglashiga tayangan holda, mijozlarini xorijiy bozorlarda qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda.

Поделитесь