29.09.2026

SIBOS 2026: Octobank Mayamida raqamli yechimlarini taqdim etmoqda

AQShning Mayami shahrida jahon moliya sanoatining eng muhim tadbirlaridan biri — SWIFT tomonidan har yili tashkil etiladigan SIBOS 2026 ko‘rgazmasi boshlandi.

Bu yil Octobank O‘zbekiston banklari orasida o‘z stendi bilan ishtirok etayotgan yagona eksponent hisoblanadi.



Ko‘rgazma 28-sentabrdan 1-oktabrgacha Miami Beach Convention Center majmuasida bo‘lib o‘tmoqda. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, SIBOS 160 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod ishtirokchini birlashtiradi. Bu yilgi tadbirning asosiy mavzusi — sun’iy intellekt ta’sirida o‘zgarib borayotgan iqtisodiyot sharoitida raqamli moliyani rivojlantirish.


SIBOSda uchinchi bor ishtirok etayotgan Octobank uchun mazkur tadbir o‘z tajribasi va ekspertizasini namoyish etish, xalqaro hamkorlar bilan tajriba almashish, shuningdek, korrespondentlik hisob-kitoblari va biznes uchun moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatidir.

Ko‘rgazma doirasida Octobank jamoasi bankning raqamli xizmat va yechimlarini namoyish etib, tashrif buyuruvchilarga ular haqida batafsil ma’lumot bermoqda hamda potensial hamkorlarning savollariga javob qaytarmoqda. Biznes uchrashuvlari va muzokaralar o‘tkazish uchun stendda maxsus alohida hudud ham ajratilgan.

Stend mehmonlarini milliy uslubdagi esdalik sovg‘alari ham kutmoqda. Avvalgi SIBOS ko‘rgazmalarida bunday sovg‘alar xorijiy ishtirokchilar tomonidan iliq kutib olingan edi. Shuningdek, dastur doirasida qimmatbaho sovrinlar o‘ynaladi, ularning asosiylari — iPhone smartfonlari.

Muzokaralar doirasida Bank of China, ICBC, HSBC, Standard Chartered, Santander, DBS va boshqa xalqaro moliya institutlari vakillari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.

Uchrashuvlarning alohida qismi transchegaraviy to‘lovlarga bag‘ishlanadi. Unda to‘lov koridorlari, valyuta operatsiyalari hamda hamkorlik shartlari va mexanizmlari yuzasidan muzokaralar olib boriladi.

“SIBOS xalqaro moliya institutlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama etish uchun muhim platformadir. Biz Octobank bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishni ko‘rib turibmiz va bunga raqamli yechimlarimiz, ekspertizamiz hamda biznes bilan ishlash bo‘yicha to‘plagan tajribamiz asosida aniq takliflar bilan javob berishga tayyormiz. Ishonamizki, SIBOS doirasida boshlangan muloqot kelgusida qo‘shma loyihalarga aylanadi”, — dedi Octobank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hamid Jumayev.

Поделитесь