28.03.2025

Octobank — "mahalla bankirlari" bilan o‘tkazilgan bir kun

O‘zbekistonda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va ularning moliyaviy savodxonligini oshirish borasida izchil islohotlar olib borilmoqda. Bu jarayonda banklar ham faol ishtirok etib, mahallabay ishlash tizimi joriy qilinmoqda. 2025 yil 1 fevralga qadar har bir tuman bank filiali huzurida mahallabay ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlandi. Shuningdek, Octobank AJ tomonidan mahallada faoliyat yuritadigan “yordamchi-agentlar” tanlab olindi.

Mazkur tashabbus aholi bandligini ta’minlash va ularning daromadini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Nurliyo‘l mahallasi misolida bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishib chiqdik.

Mahallada tadbirkorlik rivojlanmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash va daromadli qilish borasida banklar ishtirokida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar samarasi “Go‘shtchi” do‘koni rahbari Ibragimov Sunnat va o‘zini o‘zi band qilgan Zokirjon Fozilov faoliyatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Masalan, “Go‘shtchi” do‘koni mahalladoshlarni go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashda sifat va halollikka alohida e’tibor qaratmoqda. Do‘konning ozodaligi, narxlarning ommabopligi xaridorlarni jalb etmoqda. E’tiborli jihati, 1,5 oy muqaddam ochilgan bu tadbirkorlik sub’ekti 5 nafar insonni ish bilan ta’minladi. Bu esa mahallada ish o‘rinlari yaratish va daromad manbalarini oshirish borasidagi tashabbuslarning amaliy ifodasidir.

Mahalla bankiri – tadbirkorlarga ko‘makchi

Octobank AJ “mahalla bankiri” Axmedov Abdug‘ulom hamda tuman hokimligi vakillari aholini tayyor biznes-loyihalar bilan tanishtirish, ularni amalga oshirish ko‘nikmalarini o‘rgatish, motivatsion tushuntirish ishlarini olib bormoqda. Ular xonadonma-xonadon yurib, mahalla aholisiga moliyaviy imkoniyatlar haqida tushuncha bermoqda.

Bundan tashqari, moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida aholini firibgarlik sxemalaridan himoyalash bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Buning uchun do‘konlar va xonadonlarga maxsus flaerlar tarqatilib, har bir oilaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumot yetkazilmoqda.

“Xarakat qilsang – daromad topasan”

Mahallada o‘z mehnati bilan oilasini ta’minlab kelayotganlar orasida 75 yoshli Zokirjon ota ham bor. U 18 sotixli yerining 4,5 sotixiga issiqxona qurib, qishda ko‘kat yetishtirib, qishgi mavsumda 15 mln so‘m daromad oladi. Yozda esa issiqxonada pomidor va jo‘xori yetishtirib, sof foydasini 45 mln so‘mgacha yetkazadi.

“Xarakat qilsang, daromad topasan. Davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar keng, ulardan unumli foydalanish kerak. Boqimonda bo‘lishdan Alloh asrasin”, – deydi otaxon.

Mahallalarda aholining tadbirkorlik bilan shug‘ullanishiga, ish o‘rinlari yaratilishiga va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan “mahalla bankirlari” tizimi o‘z samarasini bera boshladi. Bu esa xalqimiz orasida azaldan aytib kelinadigan “Xarakatda – barakat” naqlini yana bir bor isbotlaydi.

Поделитесь