Octobank Toshkentdagi yuzlab maktab o‘quvchilariga moliyaviy savodxonlik asoslarini o‘rgatdi

Octobank Toshkent shahar maktablarida ta’lim olayotgan o‘quvchilar uchun moliyaviy savodxonlik asoslariga bag‘ishlangan turkum seminarlar o‘tkazdi. Qisqa fursat ichida yuzlab bolalarni moliya dunyosiga olib kirish va ularda muhim hayotiy ko‘nikmani — pulni oqilona boshqarishni o‘rgatish imkoniyati yaratildi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyiha xalqaro “Global Money Week” (Jahon Pul Haftaligi) ta’lim dasturi doirasida tashkil etildi va yoshlar o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirishni maqsad qildi.

Seminarlarning muhim jihati — yoshlar bilan muloqotda ularga tushunarli va zamonaviy tildan foydalanilganidir. Bugungi kunda maktab o‘quvchilari kundalik hayotda virtual o‘yinlar muhitiga chuqur sho‘ng‘ib borayotganini inobatga olgan holda, Octobank vakili Navruz Musaev shaxsiy ma’lumotlarning internetda qanday qilib firibgarlar qo‘liga o‘tishi mumkinligi haqida asosiy tushunchalarni sodda va yoshlarga tushunarli shaklda yetkazdi.

Seminarlar davomida xavfsizlik qoidalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, o‘quvchilarga quyidagilar ta’kidlab o‘tildi: bank hech qachon Telegram orqali mijozga qo‘ng‘iroq qilmaydi, shubhali havolalar yubormaydi hamda mijoz so‘ramasdan hech qanday moliyaviy xizmatni taklif etmaydi.

Har bir maktabda o‘quvchilar seminarlarida faol ishtirok etishdi — savollar berishdi, fikr almashishdi va shaxsiy tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ayniqsa, ayrim o‘quvchilar yosh bo‘lishiga qaramay, mustaqil daromad topayotganini, odamlar bilan muloqot qilish ko‘nikmasini rivojlantirayotganini va shaxsiy xarajatlarini rejalashtirishga harakat qilayotganini katta qiziqish uyg‘otdi.

Faol ishtirok etgan o‘quvchilarga Octobank tomonidan esdalik sovg‘alar topshirildi. Biroq ushbu tadbirning eng qimmatbaho natijasi — o‘quvchilar olayotgan bilimlardir. Bu bilimlar ularga katta hayotda o‘z moliyaviy imkoniyatlarini oqilona boshqarish, maqsad va orzularini amalga oshirishda asqotadi.

Octobank loyiha doirasida hamkorlik ko‘rsatgan maktab ma’muriyatlariga minnatdorchilik bildiradi. Shuningdek, qiziqish va faolligi uchun barcha o‘quvchilarga tashakkur izhor etadi. Kompaniya kelgusida ham shunday ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarda ishtirok etishni, moliyaviy madaniyatni rivojlantirishga hissa qo‘shishni davom ettiradi — murakkab masalalarni oddiy va tushunarli qilib tushuntirish asosida.

Поделитесь