27.11.2026

Google Pay Octobank mijozlari uchun Visa va Mastercard kartalari bilan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Octobank’ning Visa va Mastercard kartalari egalari endi Google Pay orqali ‒ Android smartfonlari yordamida do‘konlarda, shuningdek, ushbu xizmatni qo‘llab-quvvatlaydigan saytlar va ilovalarda xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirishlari mumkin.

Google Pay yordamida to‘lov qilish uchun hamyoningizdan kartani chiqarish yoki onlayn buyurtma berishda uning ma’lumotlarini kiritish shart emas. Do‘konda to‘lov qilish uchun qulfdan chiqarilgan smartfonni terminalga yaqinlashtirish, internet orqali xarid qilishda esa buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida Google Pay’ni tanlash kifoya.

«Bizning vazifamiz ‒ mijozlarimiz o‘z kartalarining imkoniyatlaridan kundalik foydalanadigan qurilmalarida to‘liq foydalana olishlarini ta’minlash. Oktabr oyida Octobank’ning Visa va Mastercard kartalari egalari kartalarini Apple Pay’ga qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, endi esa ushbu kartalar Google Pay orqali ham ishlaydi. Mijozlarimiz foydalanayotgan qurilmasiga qarab o‘zlari uchun qulay to‘lov usulini tanlash imkoniyatiga ega bo‘layotganidan mamnunmiz», — deya ta’kidladi Octobank matbuot xizmati.

To‘lovlar qanday himoyalangan?

Kontaktsiz to‘lov vaqtida haqiqiy karta raqami o‘rniga virtual raqam ishlatiladi. Shu sababli karta rekvizitlari sotuvchiga uzatilmaydi. Onlayn xaridlar vaqtida ham to‘lov ma’lumotlari himoyalanadi. Qo‘shimcha xavfsizlik esa qurilmada PIN-kod, parol yoki qo‘llab-quvvatlanadigan biometrik ma’lumotlar yordamida shaxsni tasdiqlash orqali ta’minlanadi.

Xizmatdan qanday foydalanishni boshlash mumkin?

Buning uchun Octobank’ning Visa yoki Mastercard kartasini Google Wallet ilovasiga qo‘shish kerak:

— Google Wallet ilovasini oching. Agar u hali o‘rnatilmagan bo‘lsa, Google Play’dan yuklab oling.

— «Hamyonга qo‘shish» tugmasini bosing va «To‘lov kartasi»ni tanlang.

— Octobank kartasini skanerlang yoki uning ma’lumotlarini qo‘lda kiriting.

— Ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling va kartani qo‘shishni tasdiqlang.

Kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish uchun Android 9 yoki undan yangi versiyadagi, NFC texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan hamda ekran qulfi sozlangan smartfon kerak bo‘ladi.

Birinchi to‘lovdan oldin NFC funksiyasini yoqing va Google Wallet ilovasini kontaktsiz to‘lovlar uchun asosiy ilova sifatida belgilang. Shundan so‘ng qulfdan chiqarilgan smartfonni to‘lov terminaliga yaqinlashtirib, xaridlar uchun to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin.

Поделитесь